Авторизация все шаблоны для dle на сайте newtemplates.ru скачать
 
  • 15:16 – Nazorat uchrashuvi: So'g'diyona 2-2 Oq tepa 
  • 15:06 – Transfer. MYU Aleksis uchun 28 mln. evroga bir futbolchini qo'shib beradi. U kim? 
  • 15:05 – O'zbekiston U-23 chorak finalda Yaponiya bilan o'ynaydi 
  • 13:52 – Obameyang "Borussiya" mashg'ulotlariga qaytdi 
  • 13:50 – Jalil Kimsanov: Futbolimizdagi islohotlarni qo'llab-quvvatlayman 
  • 13:50 – Sanches MYUga o'tishga rozi bo'ldi. Endi Mxitaryan "Arsenal" bilan shartnomaga rozilik berishi kerak 
  • 13:03 – Jerar Ulening "Liverpul"dagi falsafasi qanday bo'lgan? 
  • 12:51 – "Barselona". Maskeranoning transferi deyarli amalga oshdi, qolganlarda nima gap? 
  • 12:23 – Umid Ahmadjonov: "Terma jamoaning yangi murabbiyni ko'rgach, xalqimiz albatta xursand bo'ladi" 
  • 11:37 – "Arsenal" Obameyangni sotib olishiga shubha qilmayapti 

Ro'ziqul Berdiev: "Nasaf"ni hisobdan chiqarmanglar..."

O'zbekistonning 2017 yildagi eng yaxshi murabbiyi, "Nasaf" ustozi Ro'ziqul Berdiev saytimizga eksklyuziv intervyu berdi.
Qishki transfer bozoridagi haridlar, aniqrog'i, "Nasaf"ning bir qator etakchilari "Paxtakor"ga o'tib ketganidan so'ng "ajdarlar"ga yangi mavsumda oson bo'lmasligi oydinlashdi. Jamoa bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev zimmasidagi yuk yanada og'irlashdi. "Nasaf"ga o'tgan mavsumda kumush medallarini olib bergan mutaxassisga yaxshi shakllantirayotgan jamoasini bir qator ustunlari qulagani albatta alam qilgani aniq. Buni qahramonimiz jurnalistlar Xayrulla Xoliqov, Diyor Imomxo'jaev va SHahboz Beg'amov bilan bo'lib o'tgan ochiq va samimiy suhbat davomida ham alohida takidladi.
OCHL pley-off pallasiga juda yaqin qolayotgan bir paytda, "Nasaf"ni yana qaytadan qurishga majbur bo'layotgan mutaxassis bilan bo'lib o'tgan suhbatni etiboringizga havola etamiz. Suhbat davomida bir qator mavzularda Ro'ziqul Berdiev o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

- "Nasaf"ning tarkibi deyarli butunlay yangilandi. Etakchilar jamoada olib qolinmadi. Bunga sizning munosabatingiz qanday?
- Avvaldan mavjud tarkibni saqlab qolishni rejalashtirgandik. Afsuski etakchilarimizni jamoada olib qololmadik. Alamli jihati shuki, futbolchilarning o'zaro hamjihatligi, bir-birini tushunib harakat qilishi yuqori darajaga chiqqandi. Jamoa ancha yaxshi shakllangandi. Agarda o'tgan yilgi tarkibni saqlab qololganimizda, unda jamoamiz bilan har qanday musobaqada yuqori o'rinlarni vazifa qilib qo'ysak bo'lardi. CHunki ikkinchi davradagi uchrashuvlar shuni ko'rsatgandiki, jamoaviy o'yin bizda yuqori notaga chiqqandi.
Tan olish kerak, qo'l ostimdagi futbolchilarni jamoada olib qolishni juda istagandik. Lekin buni o'tgan yilgi moliyaviy holat tufayli amalga oshira olmadik. O'tgan mavsumda futbolchilar oldida bazi qarzdorliklar yuzaga keldi. Natijada futbolchilar klub bilan shartnomalari nihoyasiga etgandan so'ng yaxshiroq taklif bilan chiqqan "Paxtakor"ga o'tib ketishdi. Biz doim o'z moliyaviy imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda futbolchilarni jalb etishimizni barcha yaxshi biladi.
"Paxtakor" esa ayni paytda yaxshi moliyaviy imkoniyatlarga ega va ularning tanlagan siyosati ham ancha yuqori. Biz birinchi marotaba bu kabi holatga tushayotganimiz yo'q. Yani, aytmoqchi bo'lganim, paytida jamoamizni Qoraev, Gevorkyan, Boydullaev yoki Yunusovlar ham tark etishgan. O'shanda ham jamoa o'yinini qaytadan shakllantirishga to'g'ri kelgandi. Bu oson ish emas. Jamoani qaytadan shakllantirish, kerakli futbolchilar, talablarimizga mos tushadigan o'yinchilarni jalb etish doimo qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Jamoa o'yinini avvalgidek yo'lga qo'yish uchun avvalo vaqt kerak bo'ladi.
Yana qaytaraman, bu yili jamoa o'zagini saqlab qolishni juda istagandik. Hali aytganimdek, jamoa o'yini juda yuqori notaga chiqqandi. SHunisi alam qildi. Klubga yaqindagina yangi prezident tayinlandi. Kuni kecha klub prezidenti bilan uchrashib, suhbatlashdim. O'sha suhbat chog'ida klub prezidenti futbolchilarni yig'ib, jamoani shakllantirish ishlarini davom ettirish kerakligini takidladi. Yangi rahbar ham tezda jamoani shakllantirib bo'lmasligini tushunib turibdi. Yangi rahbar jamoaga har taraflama yordam berishini alohida aytib o'tdi.
Etakchilar ketgani bilan hayot to'xtab qolmaydi. Jamoamiz izlanishda, ishlashda davom etadi. Jamoamizda bir qator iqtidorli yoshlar bor. SHuningdek, Quvvatov, Golban, Eshmurodov, Hasanov, CHeran kabi tajribali futbolchilar qolishdi. Yoshlik shijoati va tajribani uyg'anlashtirishga harakat qilamiz.

- Masalan Koutinoni "Liverpul" ham olib qololmadi. "Nasaf"ning etakchilarini saqlab qololmagani ham oddiy holat o'zi aslida. Farqli tomoni, "Liverpul" futbolchisi uchun katta pul oldi. O'tgan yozda masalan Suyunov va Azamovning transferi uchun 1 milliard ishlab olingani haqida aytib o'tgandiz. Bu safar esa klub bir qator etakchilarini tekinga qo'ldan chiqardi. Aytmoqchi bo'lganim, shartnoma imzolaguncha shu jihatlarini ham inobatga olish vaqti kelmadimi?
- Biz avvaldan rahbariyatga futbolchilar bilan 1 yillik emas, ko'p muddatli shartnoma imzolashlari haqida so'rardik, shunday fikr berardik. Ammo ko'p holatlarda futbolchilarning o'zlari 1 yildan ortiq shartnoma imzolashni istashmasdi. CHunki ular klubning imkoniyatlariga ishonmagan holda yoki keyinchalik yaxshiroq takliflar chiqib qolishini inobatga olib ko'proq 1 yillik bitimga rozilik berishardi. Bu erda ko'tarma pullari ham mavjud. Yana bir tomoni shundaki, agarda ko'p yillik shartnoma imzolamoqchi bo'lsangiz, unda futbolchilarga yanada ko'proq pul berishingiz kerak bo'ladi. Bunga esa klubning moliyaviy holati imkon bermaydi. SHu boisdan ham odatda ko'proq 1 yillik shartnomalar imzolanadi.
SHuni qo'shimcha sifatida alohida aytishim mumkinki, tarkibdagi iqtidorli yoshlar bilan 2020 yilga qadar shartnoma imzolaganmiz. O'ylaymanki, bundan keyin jamoamiz bu kabi holatlarga tushib qolmaydi. "Nasaf"ning siyosati ko'proq yoshlarga tayanib, akademiyamiz orqali jamoamizga poydevor qo'yish asosiy vazifamiz bo'lib kelgan. Akademiyamizga alohida etibor qaratamiz, ko'p mablag'larni aynan jamoamiz futbol maktabiga sarflaymiz. Agarda akademiyaga etibor qilmasdan, katta mablag'ni jamoaga sarf qiladigan bo'lsak, unda biz ham yaxshi futbolchilarni olib kelishimiz mumkin. Lekin akademiya biz uchun muhimroq.

- Agarda solishtiradigan bo'lsak, "Bunyodkor" ham oxirgi 3-4 yilda huddi shu tizimda o'ynadi. Nima deb o'ylaysiz, oxirgi yillarda akademiyadan chiqadigan futbolchilar borasida "Nasaf" "qaldirg'ochlar"dan o'tib ketdimi?
- To'g'risi, "Bunyodkor"da qancha akademiya tarbiyalanuvchisi o'ynashini bilmayman. Men shuni aniq fakt sifatida ayta olamanki, jamoamizning hozirgi kunda 70 foizi akademiyamiz tarbiyalanuvchilaridan iborat. Turkiyadagi yig'inda olib ketiladigan tarkibning yarmidan ko'pi ham akademiyamizdan chiqqan futbolchilar.

- Mavzudan tashqaridagi savol: yaqinda O'FF yoshi kichraytirilgan futbolchilarga chora ko'rdi. Bizning futbolda bu kabi holatlar borligi sir emas. Bazi tasdiqlanmagan malumotlarga ko'ra, bunday futbolchilar kam emas. Ayni paytda ko'pchilik bekor chetlashtirildi, endi ko'p futbolchilar jabr chekadi. Ularda ayb yo'q edi, degan gaplarni aytmoqda. Bu endi ip-ipiga ulanib ketishi mumkin. Bu chetlatishlarga sizning munosabatingiz qanday?
- Bu narsa faqat bizda emas, boshqa joylarda ham bor. Yosh kichraytirish hamma joyda bo'lib kelgan. Asosan afrikada bu kabi holatlar ko'p uchrashi haqida o'qiganmiz. Yosh kichraytirish bu noto'g'ri. Qachon noto'g'ri? Qachonki yoshlar toifasidagi musobaqalarni yutish uchun yoshi katta futbolchilarni o'ynatib natijaga erishish. Lekin katta futbolga kirib kelgandan keyin futbolchining yoshi hech qanday rol o'ynamaydi. Professional futbolda pasportdagi yosh emas, futbol o'ynash muhim. Agarda futbolchi katta futbolga kirib kelgan bo'lsa, jamoasida etakchi bo'lsa, unda unga nisbatan juda keskin chora ko'rish shart bo'lmasa kerak. Bu endi mening shaxsiy fikrim. CHunki katta futbolda yoshning hech qanday tasiri yo'q. CHunki bu erda cheklovlar yo'qoladi. Katta futbolda hamma bir xil. Yoshlar futbolida esa bu narsa bo'lishi mumkin emas. Ularga nisbatan jazo va keskin chora ko'rish kerak. Katta futbolda o'zi hammasi bilinib qoladi. Agarda futbolchi o'ynay olmasa, uning yoshini yana 5 yilga kichraytirish ham foyda bermaydi. CHunki foydasi yo'q. Katta futbol hammasiga baho beradi. O'FF bolalar futbolida yosh kichraytirishga qarshi kurashayotgani va ularni tanlagan siyosatini to'liq qo'llab-quvvatlayman.

- "Nasaf"dagi yosh istedodli futbolchilardan kimlarga aniq takliflar mavjudligini ayta olasizmi?
- O'tgan yili Aziz G'anievga "Dinamo Kiev" hamda "Zenit" klublaridan qiziqish bo'lgandi. Ular klubga ham, shaxsan menga ham xat yuborishgandi. "Zenit" va "Dinamo Kiev" G'anievni sotib olish taklifi bilan emas, yig'inda ko'rikdan o'tish taklifi bilan murojaat qildi. Ular G'anievni chaqirgan paytda biz OCHLda o'ynayotgandik. SHu boisdan G'anievni yig'inga yuborolmadik.
Bu yili esa rahbariyatni menga aytishi bo'yicha, Bobir Abdixoliqovga "Paxtakor" tomonidan qiziqish bo'lmoqda. Bobir Abdixoliqov hali yosh, iqtidorli hujumchi. "Paxtakor"ga qarshi o'yinda ham Abdixoliqov juda yaxshi harakat qilgandi. Muzokaralar qanday davom etgani va "Paxtakor" futbolchi uchun qancha taklif qilgani haqida bilmayman.
O'zbekistonda uchta yaxshi hujumchi bo'lsa, Bobir o'sha uchtadan bittasi. Potenciali kuchli futbolchi. Bobir Abdixoliqov hali yosh va o'sadigan hujumchi. Meni fikrimcha, Bobir hali o'zimizga ham kerak. Bizning oldimizda ham maqsadlar turibdi. Abdixoliqovni bu yoshida evropaning birorta jamoasiga berib yuborish mumkin. Men hali Osiyo yoki o'zimizdagi jamoalar haqida gapirmayapman. Bobir Abdixoliqovni o'zimizga o'xshagan jamoaga berib yuborish shart emas. Undan ko'ra, o'zimizda o'ynagani yaxshi. Evropadan taklif yoki qiziqish bo'lganida boshqa gap edi. Meni qo'l ostimda CHeran va Bobir bo'lishi kerak. Abdixoliqov mehnatdan to'xtab qolmay, o'sishda davom etishi lozim.

- Qarshida "Al Faysali"ni yutish mumkin. Agarda "Nasaf" guruh bosqichiga chiqsa, real qaraydigan bo'lsak, jamoaning guruhdagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Guruh bosqichdagi raqiblarni ham qarab chiqdim. Ularning holati juda yaxshi. "Al Sadd" qanday kuchga ekanligini barcha juda yaxshi biladi. "Persepolis" haqida ham ortiqcha to'xtalish shart emas. Bu jamoa tarkibida doim Eronning eng kuchli futbolchilari o'ynashgan. "Persepolis" Eronning "Paxtakor"i desak bo'ladi. Eronda "Persepolis"ni juda yaxshi ko'rishadi. Eronga borganimda ularni o'yinini kuzatganman va muxlislar tashrifidan hayratlangandim. Amirliklarning "Al Vasl" degan jamoasi ham ayni paytda yaxshi formada. Agarda guruhga chiqadigan bo'lsak, bizga oson bo'lmasligi aniq.
Bizning oldimizda turgan asosiy vazifa avvalo guruhga chiqish. Agarda buni uddalasak, tarkibni yanada kuchaytirish imkoni bo'ladi. CHunki pley-offdan o'tsa jamoa qaydnomaga yana 5 nafar futbolchini qo'shishi mumkin. Hozirgi holatdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, bizga guruhda juda qiyin bo'ladi. O'zi umuman yangi mavsum "Nasaf" uchun juda mashaqqatli o'tishini kutyapman. Juda qiyin bo'ladi. Hali aytib o'tganimdek, agarda jamoa o'zagini saqlab qolganimizda, rejamda ikki nafar futbolchini olish bor edi. Etakchilarni saqlab qolganimizda, guruhdan chiqish haqida bemalol o'ylashimiz mumkin edi. CHunki jamoamiz o'yini men kutgan darajada shakllangandi. Hozir esa juda og'ir holatdamiz. Lekin vaziyatdan chiqishimiz kerak.

- Etakchilarga qo'shilib yana 3 nafar futbolchi jamoani tark etdi. Bundan tashqari "Nasaf"ning etakchilariga aylangan yoshlar - G'aniev, Hamrobekov, Abdixoliqov hamda yana bir yosh futbolchi Doniyor Narzullaev ayni paytda O'zbekiston yoshlar terma jamoasi ixtiyorida. "Nasaf" mavsumga tayyorgarlikning asosiy qismini ularsiz o'tkazadi. Bu esa mavsum davomida katta qiyinchiliklar taqdim etishi muqarrar...
- Albatta, to'g'ri takidlab o'tdiz. Aynan bu yoshlar yangi mavsumda bizning asosiy futbolchilarimiz bo'lishadi. Ravshan Haydarov Xitoyga olib ketgan jamoa shunday zo'r tarkibga egaki, bu jamoa Osiyo chempioni bo'lishga qodir. CHunki terma jamoamizning kelajagi bo'lishga eng asosiy nomzod va yuksak istedod sohiblari jamlanishgan. Haydarov eng yaxshi futbolchilarni Xitoyga olib ketgan. Ularga avvalo omad tilayman. Ravshan Haydarov jamoasi Osiyo chempioni bo'lishini istayman. Bu bizga g'urur va iftixor bag'ishlaydi.
Bu turnir qaysidir tarafdan bizga xalaqit beradi. Biz tarkibni shakllantirish uchun to'xtab qolganimiz yo'q. Bazi bir futbolchilarni taklif qilganmiz va Turkiyadagi yig'inda ham yangi legionerlarni ham ko'zdan kechiramiz. Yangi kelgan futbolchilarni o'yin amaliyotini oshirish birinchi masalali ish. O'ylaymanki, yoshlarimiz jamoaga yaxshi sport formada qaytib kelishadi.
To'g'risi, men juda qiyin vaziyatga tushib qoldim. Jamoamni yarmi uyoqda, yarmi buyoqda. SHu boisdan yangi mavsum biz uchun juda qiyin bo'lishini taxmin qilyapman.

- Legionerlar mayli, ular hali nomalum. Oliy liga futbolchilaridan kimlarni aynan jamoada ko'rishni istaysiz?
- Yashirmayman, "Bunyodkor"ning ikki nafar futbolchisi - Javlon Ibrohimov va SHahzod Nurmatovga shaxsan o'zim qiziqish bildirdim. Ibrohimov bizga nima uchun kerak? Birinchidan, hozir bizda markazda muammo katta. SHuningdek, Ibrohimovni OCHLda o'ynash tajribasi ulkan. Aziz G'aniev va Odil Hamrobekov hozir biz bilan emas. Dilshod Rahmatullaev ham jamoadan ketdi. Hozircha bu chiziqda ikki nafar yosh futbolchini o'ynatyapmiz. Bular OCHL darajasida o'ynay olmasliklari mumkin-u, lekin yaqin vaqt ichida Oliy liga darajasiga chiqishlariga ishonaman. Menga ayni paytda bitta tayanch yarim himoyachisi zarur. SHu boisdan Javlon Ibrohimovga jiddiy qiziqqandim.
Bundan tashqari "Metallurg"dan ikki nafar futbolchi Mirg'iyoz Sulaymonov hamda Murod Toshmatovni qo'shib oldik. "Sug'diyona"dan Sanjar Rashidov bilan shartnoma imzoladik. Tarkibda yana tojikistonlik futbolchi Jahongir Aliev shug'ullanmoqda. Uning ham harakatlari yomon emas.
Roy Rokni jamoaga qaytarish rejasini ko'rib chiqyapmiz. Roy Rok bilan dastlab gaplashganimda talablarini aytgandi, keyingi so'zlashuvda esa uning talablari yana o'zgardi. Ko'ramiz, agarda Rok bilan kelishuvga erishsak, balki kelasi mavsum muxlislar uni yana safimizda ko'rishar. Roy Rokning hozirgi holati bilan ham tanishishimiz lozim. CHunki futbolchi oxirgi 1,5 yilni Sloveniyaning quyi ligasida o'tkazdi. SHu boisdan yakuniy qarorga kelishdan avval chuqur o'ylab ko'ramiz. Legioner masalasi ancha nozik. Legioner futbolchini tanlashda adashmaslik juda muhim.
Hozirgi kunda futbol agentlari juda ko'payib ketgan. Qaysidir futbolchiga qiziqsangiz, ular sizga 10dan ortiq futbolchini taklif etishadi. Legionerlar esa har xil bo'ladi. Kimdir jarohatdan keyin o'ynashni to'xtatib qo'yadi, yana kimdir muhitni buzgani uchun eski jamoasidan ketgan bo'lishi mumkin. Bunga o'xshagan misollar ko'p. SHu boisdan ham legioner tanlayotganda, etti o'lchab, bir kesish kerak. Legioner bu ko'proq tavakkal ham deyish mumkin.
OCHL darajasidagi o'yinchini olmoqchi bo'lsak, mahalliy futbolchilardan "Lokomotiv", "Paxtakor" va "Bunyodkor" taklif etish mumkin. "Bunyodkor"dan kimlarga qiziqqanim haqida aytib o'tdim. "Lokomotiv" va "Paxtakor" esa bizga futbolchi berishmaydi. CHunki raqobatchi jamoaga futbolchi bermaslik ularni siyosati. Bu to'g'ri yo'l aslida.

- Nima deb o'ylaysiz, yangi formatda chempionatimiz qanday o'tadi?
- O'ylab qaralsa, raqobatdosh jamoalar ko'p bo'larkan. Nimaga asoslanib bu kabi fikrni aytyapman? CHunki bazi "Paxtakor"dan ketayotgan futbolchilarga taklif bilan chiqqanimda, ular "Qo'qon-1912"ni, "Metallurg" yoki "Olmaliq"ni tanlayapti. Nima demoqchiman, jamoalarga boradigan yaxshi futbolchilar ko'paydi. Tanlov kengaydi. Endi o'ylab ham qolyapman, endi oltitalikka kirish uchun kurashish ham ancha muammo bo'lishi mumkin. Bu nimani anglatadi? Kuchli o'yinlar ko'p bo'ladi. Yangi format chempionatimiz kuchayishiga, sifatli uchrashuvlar ko'payishiga va futbolchilarning tayyorgarligi yaxshilanishiga xizmat qilishi mumkin. Oliy ligada 16ta jamoa ishtirok etgan payt kuchsiz klublar bo'lgan. Futbolchilar bazi o'yinlarga u qadar jiddiy tayyorgarlik ko'rishmasdi, chunki bilishardi, bu jamoani ortiqcha qiyinchiliksiz ham mag'lub etsa bo'lishini. Sababi, saviya jihatidan boshqa bir jamoa ikkinchi jamoadan yaqqol ustunligi ko'rinib turardi.

- Murabbiy sifatida Vadim Abramovni futboldan chetlatilganiga qanday munosabat bildira olasiz?
- Men avvalo Abramovni nima uchun yoki qaysi ishlari uchun chetlashtirilganini yaxshi bilmayman. SHuni aytishim mumkinki, Abramov yomon murabbiy emas. Vaqtida Abramov terma jamoada ham yomon ishlamagandi. Uning futbolga bo'lgan o'zini qarashlari bor. Murabbiy sifatida Abramov yaxshi mutaxassis ekanligini aytishim mumkin. O'FF nima uchun Abramovni futboldan chetlashtirgani menga qorong'u.

- Martda terma jamoamizni o'rtoqlik o'yini bor. Hozircha esa terma jamoaga vada qilingan xorijlik murabbiy kelgani yo'q. Agarda o'sha vaqtga qadar terma jamoaga xorijlik murabbiy kelmasa va sizga yana o'sha uchrashuvlarda MTJni topshirishsa nima deysiz?
- Avvalo shuni aytishim kerakki, mavsum davomida terma jamoani ham boshqarish qiyinchilik tug'dirarkan. Noyabrda terma jamoa bilan BAAga qarshi o'yinda ishtirok etdim. Undan keyin esa jamoamizni "yil o'yini", yani "Paxtakor"ga qarshi mavsumdagi eng muhim bahs kutayotgandi. O'shanda terma jamoaga nomzod futbolchilarni ko'zdan kechirish, kimlarni tarkibga jalb etishni o'ylashga to'g'ri keldi. Oldimizda esa "Nasaf"ning muhim bellashuvi ham turgandi. O'shanda bizga ruhiy taraflama oson bo'lgani yo'q.
Menga terma jamoani faqatgina BAAga qarshi bahsga boshqarib turishni aytishgandi. Undan keyin men ham sayt va gazetalarda yangi yilda xorijlik murabbiy kelishi haqida o'qidim.
Avval ham aytgandim, terma jamoani munosib va xorijdan keladigan kuchli mutaxassis boshqaradigan payt keldi, nazarimda. Bizda ham yaxshi murabbiylar bor, bu kamsitish emas. Lekin terma jamoani neytral murabbiyga topshirish kerak. Xalqni, muxlislarning talabi ham shu. Agar o'rtoqlik uchrashuvlarigacha yangi murabbiy kelmasa? Endi qanchalik qiyin bo'lishidan qatiy nazar, terma jamoa uchun har doim labbay deymiz.
O'sha paytga kelib yana mendan bir o'yinga jamoani boshqarib turishni so'rashsa, men yana eng optimal sport formasidagi futbolchilarni jalb etaman va kelajak uchun yoshlarni chaqiraman. Bu juda muhim. Ravshan Haydarov qo'l ostidagi yoshlar terma jamoasidagi futbolchilar yaqin kelajakda terma jamoa o'zagini tashkil qiladigan yoshlar. Ularga ko'proq etibor berishimiz lozim.

- "Nasaf"da hali hech qachon chempionlik vazifasi qo'yilmagan. Har qanday murabbiy faoliyati davomida sovrinlar yutishni, chempion bo'lishni istaydi. CHempionlik vazifasini qo'ymaydigan jamoada ishlashdan zerikmadizmi?
- "Nasaf"da vazifa qo'yiladi. Faqat chempionlik emas, balki sovrinli o'rinlarni egallash vazifasi belgilanadi. CHempionlik vazifasini qo'yish uchun shunga yarasha sharoit va imkoniyatlarga ega bo'lmoq lozim. Bizda 2010-2011 yillarda barcha sharoitlar yaratilgandi. CHempionlik uchun vazifa qo'yilganidan keyin o'shanga yarasha futbolchilarni ham olib berish kerak. Murabbiyga kerakli futbolchilarni olib bermasdan, moliyaviy imkoniyatlarni yaxshilamasdan chempionlik uchun vazifa qo'yib bo'lmaydi.
Men ham chempionlik uchun o'ynaydigan jamoalarda ishlagim keladi. Ammo nima qilay, meni "Paxtakor" yoki "Lokomotiv" chaqirmayaptiku? (kuladi)

- Har bir murabbiy mavsum oldidan rahbariyatga kerakli futbolchilarni ro'yxatini topshiradi. Etakchilarni saqlab qolish masalasida gapirdingiz. Bu murabbiyning bo'ynidagi vazifa emas, balki rahbarlar hal qiladigan ish. Rahbariyat siz talab qilgan sharoitni yaratib beryaptimi? Selekciya ishlaridan ko'nglingiz to'lyaptimi? SHu haqda dangal ayta olasizmi?
- Rahbariyat bilan gaplashganimda birinchi bo'lib etakchilarni saqlab qolishni so'rab, kimlarni olib qolish bo'yicha murojaat qilgandim. Lekin afsuski bunday bo'lmadi. Bizda orada klub prezidenti o'zgardi. Hozir esa yangi rahbar keldi. Men avvalgi rahbariyatga kimlar qolishi kerakligini aytgandim. Ammo muzokaralar ko'ngildagidek kechmadi va natijada ular jamoada qolishmadi. Bu faqat rahbariyat yoki murabbiyga ham bog'liq emas. Ko'p narsa futbolchilarning o'ziga va xohishiga ham bog'liq.
"Paxtakor" ketgan futbolchilarga bizdan ko'ra anchagina yaxshiroq shartnoma taklif qilgan. CHunki ularning imkoniyatlari bunga etarli. Futbolchilarni ham qoralamayman, ular ham yaxshiroq sharoitda o'ynashni istashgan bo'lishi mumkin. Biz ham qachongacha futbolchilarga patriot bo'lgin, o'ynab berib turgin deb iltimos qilamiz? Ularni ham to'g'ri tushunaman. Asosiy tayanadigan futbolchilarim aynan "Paxtakor"ga ketib qolgan o'yinchilar edi. Men avvalgi klub prezidentiga shularni olib qolish haqida alohida takidlagandim...

- Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Futbolchilar ham aqlli. Ular "Nasaf"da qolib chempion bo'lishlariga ko'zlari etmagandir. "Paxtakor"da esa imkoniyatlar yuqori. Yangi mavsumda chempionlik uchun kurashadigan jamoalar aniq. "Paxtakor" va "Lokomotiv" bu borada yaqqol favorit sifatida ajralib qolishmoqda...
- Nimaga? Men bu borada hali shoshilmaslikni maslahat berardim. Qolgan jamoalarni ham hisobdan chiqarmanglar...

- Bizda ko'pincha taxminlar o'zini oqlab keladi-da...
- "Nasaf" baribir ular bilan kurashadi. "Nasaf"ni hisobdan chiqarmaslikni so'ragan bo'lardim. Nimaga deysizlarmi? CHunki tarkibni kuchaytirish bo'yicha izlanishlar davom etmoqda. Yana bir ikki nafar futbolchi olamiz. Mavjud tarkibdagi Quvvatov, Eshmurodov, Golban, CHeran, Hasanov kabi futbolchilar tajribali hisoblanishadi. Yoshlarimiz ham iqtidorli va ancha o'sishga erishishdi. Bizda teng kuchli ikkita tarkib yo'qdir, lekin etiborimizni faqat bitta musobaqaga qaratadigan bo'lsak, unda kurasha olamiz, nazarimda. SHu boisdan ham "Nasaf"ni kurashdan chiqarib yuborishga shoshilmanglar (kuladi). Asosiysi, biz kurashuvchan jamoani shakllantirishimiz lozim.
Biz murabbiylar shtabi bilan futbolchilarni ruhan yaxshi tayyorlashga alohida etibor qaratamiz. Hozir jalb qilgan yoshlar tarkibidan ham yangi mavsumda 2-3 nafar futbolchi porlab chiqishiga ishonaman. Yangi mavsumda yoshlar tarkibidan asosiy jamoaga jalb etilgan futbolchilarga ham imkoniyat berishni reja qilganman.

- Siz futbolchilik paytingizda "Nasaf"da ko'p yillab o'ynagansiz, mehnatingiz singan. O'sha davrda har bir jamoaning o'z etakchisi, sadoqatli futbolchisi bo'lardi. Nima deb o'ylaysiz, hozirgi paytda futbolda pul sadoqatni butunlay engib o'tdimi?
- Men shu joyda bir fikrni aytmoqchiman, jamoamizdan ketgan futbolchilar ham jamoamizga, klubga nisbatan sadoqatli bo'ldi. Ularni mehnatidan roziman. Ketgan futbolchilarimizga bundan oldin ham taklif bo'lgandi. Lekin ular jamoani og'ir paytda tashlab ketishmadi. Vaqtida o'sha futbolchilarimiz 5-10 barobar katta maoshdan voz kechib "Nasaf" uchun o'ynashdi, sadoqat ko'rsatishdi.
SHu boisdan ham men ularni qoralamayman yoki qaroriga qarshi bormayman. Albatta har bir murabbiy o'z tarkibida kuchli futbolchi bo'lishini istaydi. Lekin futbolchilar ham barcha kabi yaxshi sharoitni istashadi. Men etakchilarimizni saqlab qolishni juda istagandim. Lekin biz ularga "Paxtakor" taklif etgan sharoitlarni qilib berishga qurbimiz etmadi.
Yana qaytaraman, "Nasaf"dan "Paxtakor"ga o'tib ketgan hech bir futbolchi jamoamizga nisbatan sadoqatsizlik qilmadi. Ularni muxlislar sadoqatsizlikda ayblashlari noto'g'ri. CHunki ular vaqtida jamoamiz joniga oro kirishgan.

- Ko'ryapmiz, ko'pchilik klublarda moliyaviy imkoniyatlar u qadar yuqori emas. Futbolchilar oldida qarzdorlik mavjud. PFL esa buyog'da yillik badal pullarini 180 milliondan 500 millionga ko'tardi. Lekin hech kim bunga reakciya qilmayapti. Demak hamma o'ylaydiki, klublarda pul bor. Sizni bunga munosabatingiz qanday?
- O'ylaymanki, PFL har bir qarorni chuqur o'rganib, tahlil qilib chiqaryapti. To'g'ri, bazi klublarga bu kabi katta mablag'lar qiyinchilik tug'dirishi mumkin. Ishonamanki, PFL hamma narsani mo'ljalini olib, chempionatimizni nufuzini ko'tarish uchun yangi, futbolimiz rivoji uchun xizmat qiladigan qarorlar chiqaryapti.

- Tarixda bo'lmagan jarima haqida. "Paxtakor"ga qarshi o'yindan keyin klubga 100 million jarima solindi. Kamiga aniq faktlar keltirilmagan. Bunga "Nasaf" tomonidan qanday reakciya bildirildi?
- Albatta muxlislarni madaniyatga o'rgatish kerak. Lekin bu narsa hamma joyda bo'ladi. Evropada ham, boshqa joylarda ham muxlislar ehtiroslarini jilovlay olmay qolib, futbolchilarni haqorat qilishlari futbolda uchraydigan holat. Bunga professional futbolchi ortiqcha etibor qaratmasdan, provakaciyaga uchmasdan o'zini to'g'ri tuta bilishi kerak. Bizni ham safar o'yinlarida borganimizda so'kishadi, tribunadan har xil haqoratli so'zlar eshitiladi. Bunga etibor qilmasdan, o'zimizni to'g'ri tutishga harakat qilamiz.
Bu yildan reglamentda aynan shu narsalarni aniq so'mmasigacha ko'rsatib qo'yilsa, muxlislar madaniyatsiz harakatlari klublariga ziyon keltirishini bilishsa, unda bu ishqibozlarni tartibga chaqirishga xizmat qiladi, deb o'ylayman. Klubimiz vakillari jarima bo'yicha PFLga murojaat qilishgan, ammo yakuniy qaror qanday bo'lgani haqida xabarim yo'q. Qo'yilgan jarimadan maqsad muxlislarni tartibga chaqirish ekanligini to'g'ri tushunib turibmiz.

- Murabbiy sifatida o'z-o'zingizni qanchalik tanqid qilasiz?
- To'g'risini aytaman, murabbiy sifatida o'zimga ko'pincha tanqidiy munosabatda bo'laman. Kamchiliklarimni bilsam, buni juda qattiq qabul qilaman. Meni birinchi tanqidchim - o'zim. Futbolda, murabbiyda kamchilik bo'ladi. Qachonki siz o'zizni tanqid qilmasangiz, kamchiliklaringizni bilmasangiz, unda o'sishdan to'xtab qolasiz. Ideal murabbiy bo'lmaydi. Barchani kamchiligi bo'ladi. Muhimi, inson o'sha kamchiligi haqida bilishi, buni to'g'rilash o'stida ishlashi lozim.
Agarda men o'zimni ideal murabbiy deb bilsam, kamchiliklarim yo'q deb o'ylasam, unda futboldan ketishim kerak. Men hali futbolda kimman? Hali o'rganadigan, uzlashtiradigan jihatlarim juda ko'p. Murabbiy, umuman inson doimo izlanishda bo'lishi kerak.
Men bilgan narsa balki jamoamiz yoki O'zbekiston chempionati darajasida bo'lishi mumkin. SHunisi aniqki, men bilmagan narsalar juda ko'p futbolda. Bu borada esa izlanish, mehnat qilish kerak.

- Aslida O'zbekistonda eng kam tanqidga uchraydigan murabbiylardan biri hisoblanasiz. Lekin sizga tashqaridan, xususan OAV, matbuot tomonidan bo'ladigan tanqidga qanday munosabatda bo'lasiz?
- Tanqid avvalo o'rinli bo'lishi kerak. Futbolni tushungan, futbolni ichida yurgan inson tomonidan bo'lsa, buni to'g'ri qabul qilaman. Tanqid qilayotgan odam o'sha jihat bo'yicha avvalo o'zini tushunchasiga ega bo'lmog'i lozim. Barchada kamchilik va xatolar bo'ladi. Bularni aytib, ko'rsatib turish esa hech qachon zarur qilmaydi. Meni tanqidga bo'lgan munosabatim yaxshi. Buni xotirjam va to'g'ri qabul qilaman. O'rinli va asosli tanqiddan xulosa chiqaraman albatta.

- O'zimga nisbatan tanqidchi va kamchiliklarimni bilaman dedingiz. Oxirgi yillarda murabbiy sifatida qaysi kamchiliklaringiz ustida ish olib bordingiz?
- Dastlabki yillarda taktika va strategiyaga ko'p ham etibor bermaganman. Avvallari ko'proq futbolchilarga tayangan holda jamoa o'yinini tuzardim. Lekin shu narsa ko'rindiki, taktika futbolda juda muhim o'rin tutarkan. Oxirgi yillarda aynan shu kamchiliklarim ustida ishladim va taktikaga alohida etibor qaratdim.
So'nggi paytlarda jamoam har xil taktik sxemalardan foydalanayotganini bilasizlar. SHuningdek, jamoam raqibga nisbatan faol pressing qo'llashni kuchaytirgan. SHu kabi muhim jihatlar ustida ishlayapmiz. Yana selekciya ishlarida ham oqsayapmiz. Hali aytdimku, men jamoa o'zagini saqlab qolishni va bazi nuqtalar bo'yicha futbolchilarni jalb etishni rejalashtirgandim, deb. Lekin yakunda bu bo'lmadiku, ana endi selekciya ishlarida shoshilib qolyapmiz. Masalan jamoa etakchilarini saqlab qolmaganimizda nima qilamiz, deb avvalroq o'ylamaganimiz mana endi pand bermoqda. Bu ham bitta kamchiliklarimdan biri, deb hisoblayman. Bu borada ikkinchi variantni o'ylab qo'ymaganimga attang deb qoldim.
Murabbiy sifatida shuni tushundimki, futbolda taktika juda katta ahamiyatga ega ekan. O'tgan mavsumda muhim o'yinlarda uch nafar markaziy himoyachi bilan o'ynadik. Yani odatiy taktik sxemadan "B" rejaga o'tdik va bu yakunda bizga ko'p foyda keltirdi.

- Yangi mavsumda yangi jamoa qurilyapti. Savolim shunday: Tarkibdan kelib chiqib sxemani tanlaysizmi yoki aksinchami?
- Qo'l ostimdagi futbolchilardan kelib chiqib taktik sxemani tanlayman. CHunki mavjud futbolchilar qaysi taktikaga mos kelishi ham muhim ahamiyatga ega. SHuningdek, raqibdan kelib chiqib ham taktik sxemani o'zgartirib turishga to'g'ri kelib qoladi. Bu borada barcha jihatlarni inobatga olish lozim bo'ladi. SHu boisdan murabbiyda doimo "A" variantdan tashqari boshqa rejalar ham bo'lishi zarur.

- Nimaga bizlarda murabbiylar futbol haqida kitob yozmaydi, futbolimiz darajasi, qaysi bosqichda ekanligimizni o'sha kitobda qoralamaydi. Yoki futbol borasida maruzalar o'qishmaydi. Jahon futbolida yosh istiqbolli murabbiylar, futbolchilar kitob yozishadi. Ularni mutolaa qilish qiziq. Bizning murabbiy yoki futbolchilar nega bunga qo'l urishmaydi? Masalan sizni yoki boshqa murabbiyni futbolga bo'lgan o'z qarashini o'qish ko'pchilikka qiziqarli bo'ladi...
- Rustam Akramov ko'p maruzalar qilardilar. Lekin tan olish kerak, hozirda Rustam Akramov yoki Islom Ahmedovdan tashqari maruza o'qiy oladigan murabbiy yoki mutaxassislar yo'q. Kitob yozish darajasiga chiqmagandirmiz. Bizning o'zimizni futbol haqida bazi fikrlarimiz, qarashlarimiz bordir, lekin bu fikrlar sayoz bo'lishi mumkin.SHu boisdan hali kitob yozishga qaror qiladigan murabbiylar yo'qdir.
Joze Mourinyu yoki Gvardiola bu jahon elitasidagi eng yuqori cho'qqiga chiqqan murabbiylar hisoblanishadi. Ular zamonaviy futbolni o'rgatishga, o'z qarashlarini qoralashga munosib murabbiylar. Biz esa hali zamonaviy futbolni tariflashga ojizmiz.

- Ko'pchilik gapirayotgan normativ haqida nima deya olasiz?
- Avvalo shuni aytishim kerakki, bu normativlar avval ham bo'lgan. Har yili mavsum oldidan normativ topshirilardi. SHunchaki oldinlari normativ haqida kam yozilib, etibor biroz past bo'lgan. Hozir esa normativga alohida etibor qaratilmoqda. SHu boisdan ko'pchilikka bu yangilikdek tuyulmoqda. Menga shaxsan murabbiy sifatida normativ muhim. CHunki bu orqali o'z futbolchilarimning jismoniy holatini yanada aniq va yaxshiroq bilib olish imkoniyati paydo bo'ladi.
Xayrulla XOLIQOV, Diyor IMOMXO'JAEV va SHahboz BEG'AMOV suhbatlashishdi.скачать dle 11.0фильмы бесплатно
Manba: Championat.asia
Reyting: 
Fikr yozish
Ijtimoiy tarmoqlarda
  • Vkontakt
  • Facebook
  • Telegram